UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Chaqirilgan manzilga yetib keldim va eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Bu
kunimning oxirgi buyurtmasi bo‘lishi kerak edi. Shoshib, qayta qo‘ng‘iroq
tugmasini bosdim:
–Bir daqiqa, ichkaridan qari kampirning bo‘g‘iq ovozi eshitildi.
Uy polining taqqilashi qulog‘imga chalindi, biroz kutishdan so‘ng esa
eshik ochildi.
Kichik jussali, to‘qson yoshlar atrofidagi ayol qarshimda paydo bo‘ldi.
Xonadon ichkarisiga nazar tashladim, bir necha yillardan beri hech kim
turmaydigan uyga o‘xshardi. Barcha jihozlar mato bilan o‘ralgan, hech
bir devorda biror dona ham soat ilinmagandi.
Bir burchakda esa eski rasmlar va xrustal idishlar solingan quti turardi…
–Chemodanimni mashinaga yuklashga yordam bera olmaysizmi, dedi u.
Kichik chemodanni mashinaga yuklab kelganimda, kampir uy ichiga
termulib o‘tirardi. U qo‘limdan tutdi-da men bilan mashina tomon
yo‘naldi, borguncha mehribonligim uchun qayta-qayta tashakkur
aytardi…
–Arzimaydi, dedim unga, –men shunchaki, yo‘lovchilarimga xuddi oyimga
ko‘maklashgandek munosabatda bo‘lishni istayman.
–Siz juda yaxshi inson ekansiz,dedi u va biz mashinaga o‘tirganimizdan
so‘ng, borishimiz kerak bo‘lgan manzilni menga tutqazib:
–Shahar ichidan yura olmaysizmi?, dedi.
–Axir, unda juda uzoq yurishimizga to‘g‘ri keladi-ku?!
–Men qiynalmayman, og‘irlik qilmaydi men uchun… Men bu hayotdan
ketyapman…
Orqaga o‘girilib, uning ko‘zlarida ko‘z yoshlari tizmalanganini ko‘rdim. U
past ovozda davom etdi:
–Mening oilam ancha oldin boshqa shaharga jo‘nab ketishgan,
doktorlarning aytishicha, umrim yakuniga ham juda oz vaqt qolibdi…
Uning so‘zlarini tinglay turib, mashina hisoblagichini o‘chirdim va unga:
–Qaysi yo‘nalish bo‘yicha yurishni xohlaysiz?, dedim.
Shahar ichida o‘tgan keyingi ikki soat davomida u menga; qachonlardir
ishlagan binosini, turmush o‘rtog‘i bilan yoshlik paytlari yashagan
mavzeni, jajji qizaloqlik paytlarida mashg‘ulotlarga qatnagan va bugunga
kelib maishiy jihozlar do‘koniga aylangan raqs zalini ko‘rsatdi.
Ba’zida esa beton devorli binolar oldida to‘xtashimni so‘rar, qorong‘u
ko‘chalarga uzoq vaqt ma’yus sukut saqlab, mung ila tikilardi…
Keyin, menga qayrilib:
–Toliqdim, endi men bergan manzilga eltib qo‘ying iltimos… - dedi.
Biz biror kalomsiz aytilgan manzilga yetib keldik. Ko‘rinishidan qanaqadir
sihatgohga o‘xshar; eniga va bo‘yiga ham tor tor bino, atrofi esa
daraxtlar bilan o‘ralgandi.
Bizni ikkita hamshira kutib olishdi va kampirning tushib olishi uchun
yordam bera boshlashdi. Kampirning kichikkina chemodanini yukxonadan
olgunimcha, u allaqachon nogironlar aravachasida o‘tirardi:
–Sizga qancha to‘lashim kerak, deb u hamyonini titkilay boshladi.
–Hech qancha, dedim men.
–Axir siz yashash uchun pul ishlashingiz kerak-ku!?
–Boshqa yo‘lovchilar bor-ku, dedim kulib.
Hech narsani o‘ylamasdan uning oldida tizzalab, kampirni quchoqlab
oldim, u ham javoban meni mahkam bag‘riga bosib:
–Siz bir qari kampirga katta baxt ulashdingiz, deb menga minnatdochilik
bildirdi.
Uning qo‘llarini qo‘yib yubordim va jo‘nab ketdim.
Ortimda esa temir darvozlarning yopilgani eshitildi. Bu yana bir hayot
kitobining yopilish ovozi edi…
Qaytish yo‘limda hech qanday yo‘lovchi olmadim. Yo‘limga termulib, o‘z
hayollarimga ko‘milib ketaverdim.
Balki, ish vaqtim tugab bu kampir bilan hech qachon ko‘rishmasligim
yoki biror bemehr haydovchi uni manziliga yetkazib qo‘yishi ham
mumkin edi.
Balki, men uning chaqiruvini qabul qilmasligim yoki ikki marta uy
qo‘ng‘irog‘ini bosganimdan so‘ng ortimga qaytib ham ketishim mumkin
edi.
Unda, hayotim davomida hech qachon hech bir muhim ish qilmaganman,
deb aytardim…
O‘ylab ko‘ring, hayotimiz ezgu ishlar bilan o‘lchanadi. Ezgu ishlarga esa
har doim ham duch kelavermaymiz…
Atrofingizga qarang, xatto o‘zingiz ham bilmagan holda kimgadir baxtli
onlarni hadya eta olishingiz mumkin...
Maqola nomi : Ezgulik
Vaqti : 30.04.2014|20:58
Ko'rilgan : 1407
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 337/253
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :27 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика