UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
QORGA KO‘MILGAN SEVGI [Hikoya]
O‘shanda qishning qorli- qirovli kunlari
tugab, bahorning iliq havosidan
sovuqdan junjikkan vujudlarimiz
yayrab, ko‘ngillarda yangi-yangi
umidlar, orzular tug‘ilgandi. Go‘yo
yerga nurlarini bir qadar bisyorroq
socha boshlagan quyosh qalbimizda
mudrab yotgan tuyg‘ularni uyg‘otib
yuborgandek edi. Shubhasiz, tabiat
ham bu o‘zgarishlardan chetda
qolmagandi. Hamma yoq ko‘m-ko‘k.
O‘rik daraxtlari qiyg‘os gullagan.
Xullas, bahoriy kayfiyat har bir
narsada, har bir jonzotda aks etib
turardi. Sinfdosh bolalar bilan kelishib,
qizlarga ziyofat qilib bermoqchi bo‘ldik.
Bundan men juda xursand edim.
Chunki... Chunki bu ziyofatda uni
ko‘rishimni bilardim. Aynan shu
kechada men unga dilimdagi bor gapni
aytishim kerak. "Shuncha payt sir
saqlaganim ham yetar. Sevishimni bilib
olsin!” deb o‘yladim... Farida bilan men
bir sinfda o‘qib, bir partada o‘tirganmiz.
Men shu qizni sevardim. Avvaliga, ya’ni
boshlang‘ich sinflarda, aniqrog‘i,
yettinchi sinfga qadar unga shunchaki
oddiy sinfdosh sifatida qarardim. Lekin
keyinroq... Faridani ko‘rmasam,
sog‘inadigan, uzoq-uzoq o‘ylaydigan
bo‘lib qoldim. Yonimda bo‘lganida esa
termulib o‘tiraverardim. Uning
chehrasi menga endi boshqacha, juda
ham boshqacha tuyila boshlagandi.
Ilgarigi qo‘pol hazillarimni yig‘ishtirib
qo‘ydim. Faridaga zarracha ozor
yetishini xohlamasdim. O‘sha
paytlarda bu tuyg‘uning sevgi ekanini
tasavvur ham qilmagandim,
qilolmasdim ham. Chunki men unda
endigina o‘n uch yoshda edim. Lekin
his- tuyg‘ularim yildan-yilga
chuqurlashib boraverdi va men
Faridani juda-juda qattiq sevishimni
tushundim. Unga ishqimni izhor
qilishga chog‘lana-chog‘lana maktabni
bitirish vaqti kelib qolganini ham
sezmay qolibman. "Oqshom”da
dilimdagini to‘kib-solishga qaror qilib,
bir necha bor og‘iz juftladim. Ammo...
Qaniydi, bu soqov til aylana qolsa!..
Maktabni bitirib shahodatnoma oldim
hamki, Faridaga sevishimni
aytolmadim. Ko‘pgina sinfdoshlarimiz
oliy o‘quv yurtlarining talabasi
bo‘lishdi. Jumladan, men va Farida
ham. Turgan gapki, uni endi har kuni
emas, haftada bir yoki ikki marta
ko‘radigan bo‘ldim. Ammo hamon
sevgimdan so‘z ocholmayman.
Vaholanki, maktabni bitirganiimzga
ham ikki yildan oshdi... Ertalabdan
yog‘a boshlagan yomg‘ir o‘n birlarga
borib qorga aylanib ketdi. Havo ham
shunga yarasha — sovuq. Endigina
uyg‘ona boshlagan tabiat ham uyquga
ketgan kabi hissiz, madorsiz. Osmon
esa qovoqlarini uyib olgancha qor
yog‘dirishdan charchamasdi. Kunning
bunchalik "tundligi” ko‘nglimni biroz
g‘am qilsa- da, Faridani ko‘rish umidi
bu g‘ashlikni tumandek tarqatib
yubordi. "Bugun, albatta, aytaman!
Aytmasam bo‘lmaydi. Qachongacha
ichimda saqlayman? Balki... Nima
bo‘lganda ham, unga aytishim kerak
hammasini”. Ziyofat Ziyodullanikida
bo‘lishiga kelishganimiz uchun o‘sha
yoqqa bordim. Belgilangan vaqtdan
biroz ertaroq kirib borganimga
qaramay, deyarli hamma jam bo‘lgan
edi. Faqat... Faqat Farida va uning yaqin
dugonasi Gulnora yo‘q edi. Ko‘nglim
yana g‘ashlandi. — Farida nega
kelmadi? — sabrsizlanib so‘radim
Ziyodulladan. Ovozim g‘alati, titrab
chiqdi. — Kelib qoladi, — beparvo
javob berdi u. — Hali vaqtli- ku!..
Dasturxon juda to‘kin edi. Hamma
yeyish-ichish bilan ovora. Lekin
mening tomog‘imdan suv ham
o‘tmasdi. Faridaning nega
kelmayotganini bilolmay hayron edim.
— Farida ziyofatga kelmoqchimidi? —
so‘radim yonimda o‘tirgan Muniradan.
— Albatta. Bir hafta avval
ko‘rganimda, "Zo‘r ish bo‘pti,
boraman”, degandi. — Kelmayapti-ku!
— dedim zarda bilan go‘yo Faridaning
kelmayotganiga Munira aybdordek. —
Qiziqsan-a? — to‘ng‘illadi u. — Men
qayoqdan bilay?! Ehtimol, ota-onasi...
Munira gapini tugatmagan ham ediki,
"zal” eshigi oldida Gulnora ko‘rindi.
Qizlar bir zumda chuvillashib uning
atrofini o‘rab olishdi. — Namuncha
kech qolding? — Kelmasang kerak,
deb o‘ylayotgandik. — Farida-chi?!
Qani u?! Gulnora sirli jilmayib
hammamizga bir-bir qarab chiqdi. —
Suyunchi berlaring! — dedi
kutilmaganda qarsak chalib. —
Faridani erga beramiz. Boshimga kimdir
musht tushirgandek butun vujudim
zirqirab, ko‘zlarim tinib ketdi. Bir lahza
qaerda, kimlar orasida ekanligimni
unutib qo‘ydim. Es-hushimni
yig‘ishtirib olganimda, Gulnoraning
berilib aytayotgan gaplarini eshitdim.
— Bugun fotiha bo‘lyapti. Farida rosa
xursand. O‘ziyam ikki yildan beri
uchrashib yurishardi... Gulnoraning
qolgan gaplari qulog‘imga kirmadi.
Ko‘zlarimni derazaga qadadim.
Tashqarida o‘rikning chiroylikkina
bo‘lib ochilib turgan nim pushti
gullarini oppoq qor oplab olgandi.
Xuddi mening sevgim singari...
Maqola nomi : Qorga ko'milgan sevgi
Vaqti : 28.04.2014|21:10
Ko'rilgan : 1309
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 241/197
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :28 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика