UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
SHEFSTBERI ANTONI ESHLI KUPER
(1671-1713)

Ingliz faylasufi graf Shefstberi otasining o‘limidan so‘ng lordlik yorlig‘iga ega bo‘ldi. Zamondoshlarining guvohlik berishicha, u zukko, topqir va juda ehtiyotkor odam bo‘lgan va umr bo‘yi ziqnafas (astma) xastaligidan azob chekkan.
Shefstberi falsafaga birinchi bo‘lib «sog‘lom fikrlash» atamasini olib kirgan. Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Yaxshilik yoki xizmat tadqiqi» (1699 y.), «Tashabbuskorlik haqida maktub» (1708 y.), «Teran aql va xushkayfiyat erkinligiga doir tajriba» (1709 y.), «Odamlar, xalqlar, fikrlar hamda davr tavsifi» (1711 y.), «Axloqshunoslar» (1709 y.), «Falsafiy hayot tarzi».


* * *
Men hamma narsani parda ostida yoki o‘z ustimdan ustalik bilan kulish yo‘li orqali va yoxud «har turli narsalarga oid fikr» tarzida so‘zlashni asosiy qoida sifatida qabul qildim.

* * *
Bugun ishlarim yurishdi. Bundan boshim ko‘kka yetdi: «Olam qanday yaxshi! Hamma narsa go‘zal! Odamlar, so‘zlar, atrofdagi muhit shunchalar yoqimli va maftunkorki, bundan ortiq bo‘lishi mumkin emas!» Ertangi kun omadsizlik, umidsizlik, qayg‘u keltirishi mumkin. Shunda xayolimdan: «Eh, ojiz inson! Qanchalar axloqsizsan! Odamlar orasida yashashdan ne naf? Kim uchun yozaman? Kim uchun ijod qilaman!» – degan so‘zlar o‘tadi.

* * *
Ey, ko‘hna Birlamchi Sababkor! Sen vaqtdan ham qadimiyroq bo‘lsang-da, mangu navqironsan va abadul-abad barq uraverasan!

* * *
Donolarning aytishicha, tabiat intiholarni bir-biriga shu qadar chambarchas bog‘laganki, ularning biri ikkinchisini davom ettiradi va bir-biridan ajralmaydi.

* * *
Odamlarning o‘z nuqsonlariga doir so‘zlarni sabr bilan tinglashi ularning bu nuqsonlardan qutilish sari yuz tutganidan dalolatdir.

* * *
Insondagi sog‘lom fikrni va aqliy muvofiqlikni saqlab qolishning birdan-bir yo‘li teran aql-idrokka erk berishdir. Lekin hajv qilish taqiqlangan yerda hech qachon tafakkur erkinligiga yetishib bo‘lmaydi.

* * *
Agar odamlarga biror narsa haqida jiddiy so‘zlash taqiqlansa, ular bu narsalar to‘g‘risida hazil pardasi vositasida so‘zlash yo‘lini tutadilar. Bordi-yu, biror narsa haqida so‘zlash butkul taqiqlab qo‘yilsa yoki odamlar u to‘g‘risida fikr yuritish haqiqatan xavfli ekanini o‘zlari anglasalar, u holda ikki karra pardalash va sirli yo‘sinda so‘zlashish yo‘liga o‘tadilar. Bunday suhbatni tushunish, mag‘zini chaqish mushkullashadi. Shu tariqa mazax, masxaralash urfga aylanadi. Demak, taqiq, kinoya, istehzo, hazilni keltirib chiqaradi. Erksizlik axloqning barham topishiga mas’uldir.

* * *
Zulm qanchalar kuchli bo‘lsa, hajv shunchalar o‘tkir bo‘ladi.

* * *
Ehtiros aql-idrokka xavf tug‘diruvchi yagona og‘udir. Zero, ehtiros barham topgach, aldamchi fikrlar ham yo‘qoladi.

* * *
Unchalar mukammal bo‘lmagan inson va uning hayotiy shart-sharoitidan tashqari hamma narsa go‘zal hamda mehr-muhabbatga, quvonch va shodlikka loyiqdir.

* * *
Xudbinlik va pastkashlik bizdagi qo‘rquvning doimiy yo‘ldoshidir.

* * *
Qahramonlik va insonparvarlik – ayni bir narsa. Lekin bu tuyg‘ular salgina yo‘ldan toysa ham insoniyat suygan qahramon vahshiy telbaga, el sevgan xaloskor va posbon esa buzg‘unchi va zolimga aylanadi.

* * *
Faqat bir narsaga qat’iy ishonmog‘imiz mumkin: bizda Aql bor hamda istak-xohish va tuyg‘ular bizga hamisha hamroh. Biz xoh jamoa orasida bo‘lishimiz, xoh yolg‘iz qolishimizdan qat’i nazar, har turli puch xayollar va injiqliklar harakatdan to‘xtamay, bor kuchi bilan faoliyat ko‘rsatadi. Va har qanday holatda ham ular faoliyat maydoniga ega bo‘ladilar.

* * *
Maydakashlik (pedantizm) va munofiqlik o‘zida zarracha mantiqni jamlagan har qanday kitobni tegirmon toshi kabi suvga cho‘ktirishga qodir.
Maqola nomi : Shefstberi
Vaqti : 21.04.2014|21:16
Ko'rilgan : 1475
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 216/222
Reyting
Bosh sahifa » Aforizmlar
Maqola o'qiypti :30 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика