UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
KLAZOMENLIK ANAKSAGOR
(Miloddan avvalgi 500-428 yillar)

Yunon faylasufi Anaksagor tug‘ilganidan so‘ng uning na kulgani va na tabassum qilganini ko‘rishgan. U faylasuf Anaksimendan tahsil olgan.
Anaksagor falsafaga shu qadar sho‘ng‘ib ketganki, xo‘jalik ishlari qarovsiz qolib, butun yer-mulki poda boqiladigan yaylovga aylangan.
Anaksagor hur, noan’anaviy fikrlash tarzi tufayli ta’qiblarga duchor bo‘lgan. Bir qancha muddat turmada o‘tirgan. Anaksagorning faqat «Tabiat haqida» nomli asari bizgacha yetib kelgan.


* * *
Anaksagor shunday degandi: «Tuyg‘ularimizning ojizligi bois haqiqat xususida mushohada etmoqqa qurbimiz yetmaydi».

* * *
Anaksagordan so‘radilar:
— Ne sababdan bu dunyoga kelmaslikdan ko‘ra, yorug‘ olam yuzini ko‘rmoqlik afzal sanaladi?
Anaksagor dedi:
— Chunki biz bu olamda osmon va Koinotning qanday tuzilganligi xususida mushohada yuritmoq imkoniga ega bo‘lamiz.

* * *
Anaksagor jamoat ishlaridan voz kechib, butun kuch-quvvatini tabiatni o‘rganishga bag‘ishlagan. Shu sababli undan ko‘pincha o‘z mamlakati uchun qayg‘urish-qayg‘urmasligi xususida so‘rashardi. Donishmand esa qo‘li bilan osmonga ishora qilib:
— Men o‘z Vatanim haqida haddan ortiq qayg‘uraman! — deb javob berardi.

* * *
Aql nafaqat tirik mavjudotlarda, balki tabiatda ham mavjuddir. Va u butun olamdagi farovonlik hamda mavjud tartib-qoidalarning sababkoridir.

* * *
Har bir narsada barcha narsalarning ma’lum bo‘lagi, qismi mujassamdir. Faqat Aqlgina bundan mustasno. Aql har qanday bo‘lak va qismlardan xoli, o‘ziga-o‘zi hukmron hamda o‘z holicha mavjuddir. Bordi-yu, Aqlga biron narsa qorishib ketganda, u hech narsaga hokimlik qilolmasdi. Aql mavjud narsalarning eng yengil va musaffosi bo‘lib, jamiki bilimlarni o‘zida jo etgan va shuning uchun ham u benihoya qudratlidir. Ana shu qudrati ila u barcha tirik jonlarni boshqarib turgusidir.

* * *
«O’simliklar tirik mavjudotlardir. Ular ham his qiladilar, g‘am chekadilar, quvonadilar. Bu tuyg‘ular ularning yaproqlarida zohir bo‘ladi. Shuningdek, o‘simliklar aql va bilimga ham egadirlar», — degandi Anaksagor.

* * *
«Anaksagor olov va Quyosh ayni bir narsadir, deb hisoblaganda qattiq yanglishgandi, — deydi Suqrot. — Chunki u odamlar olovga bemalol qaray olishlarini, Quyoshga esa hech qachon tik boqolmasliklarini nazardan qochirgan. Shuningdek, Anaksagor inson terisi Quyosh nuri ta’sirida qorayishini, olov esa bunday qudratga ega emasligini; o‘simliklar Quyosh haroratisiz yashay olmasliklari, olov taftidan esa halok bo‘lishlarini unutgan. Anaksagor Quyoshni olovda toblangan tosh, deb ta’riflagan. Ammo tosh qancha qizdirilmasin, hech qachon Quyosh kabi yog‘du tarata olmasligi kundek ravshandir. Quyosh esa doimo eng porloq yoritgich bo‘lib qolajak».

* * *
Har bir narsa tarkibida nimaningdir ustun darajada ko‘pligi bilan boshqa narsalardan ajralib turadi. Masalan, garchi tarkibida hamma narsa bo‘lsa-da, ammo oltin miqdori ustun ma’dan biz uchun oltindir.

* * *
Hamma narsalar birgalikda mavjud edi. Aql ularni ajratdi va tartibga keltirdi.

* * *
Harakat ibtidoga egadir. Hamma narsani harakatga keltirgan Ilohiy Tafakkur uchun ularning harakatini to‘xtatib qo‘yishga nima to‘sqinlik qiladi?
Maqola nomi : Anaksagor
Vaqti : 21.04.2014|21:01
Ko'rilgan : 1526
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 340/309
Reyting
Bosh sahifa » Aforizmlar
Maqola o'qiypti :31 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика