UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
AFLOTUN
(PLATON)
(Miloddan avvalgi 428-347 yillar)

Qadimgi yunon faylasufi Aflotun Afina shahrida tug‘ilib o‘sdi. Uning asl ismi Aristokl bo‘lgan. «Platon» uning laqabi bo‘lib, yunoncha «keng yelkali», «bo‘lali» degan ma’noni anglatadi. Bu laqabni unga Suqrot bergan. Aflotunning oilasi badavlat bo‘lmasa-da, aslzodalar nasabidan edi. Otasi Ariston Afinaning oxirgi shohi Kodr avlodiga mansub bo‘lgan. Aflotun aslzoda afinaliklarga xos bo‘lgan riyoziyot, musiqa, grammatika va gimnastikadan ta’lim olgan. Geraklit, Parmenid, Zenon falsafasi bilan tanishgan. Miloddan avvalgi 407 yilda Suqrot bilan uchrashgan. Suqrotning o‘limigacha uning eng yaqin shogirdlari qatorida bo‘lgan.
Ko‘p vaqtini she’riyatga bag‘ishlagan. Manbalarga ko‘ra, u qator dostonlar, lirik asarlar, fojia va komediyalarning muallifi bo‘lgan. Uning 25 ga yaqin she’riy usulda bitilgan miniatyura-epigrammalari bizgacha yetib kelgan. Bundan tashqari, uning 23 ta asl nusxadagi va 11 ta uning qalamiga mansub deya taxmin qilinadigan suhbati, «Suqrot madhi» deb nomlangan nutqi, shuningdek, 13 ta maktubi ma’lum. Aflotunning suhbatlari quyidagilardan iborat: «Protagor», «Fedon», «Parmenid», «Teetet», «Timey», «Kritiy», «Laxet», «Menon», «Davlat», «Siyosatdon», «Qonunlar», «Fedr», «Fileb» va boshqalar.
Aflotunning Atlantida to‘g‘risidagi hikoyasi keyingi madaniyatlarning halovatini buzib, avlodlarning ichiga g‘ulg‘ula soldi. Uning yozishicha, 12 ming yil oldin Gibraltar yaqinida sirli qit’a mavjud bo‘lib, bir kecha-kunduz ichida dengiz qa’riga cho‘kib ketgan. Aflotun halokatning aniq o‘rnini ko‘rsatmagan, ammo faylasufning obro‘yi shu qadar baland ediki, darhol g‘oyib bo‘lgan atlantlar mamlakatini izlashga kirishilgan. Uni hozir ham izlashmoqda...

* * *
Botiniylikdan zohiriylikka o‘tishga olib keluvchi hamma narsa ijoddir.

* * *
Aflotun o‘limidan oldin tushida oqqushga aylanib, daraxtdan-daraxtga uchib yurganini, qush ovlovchilar esa uni tutolmay sarson ekanliklarini ko‘radi. Suqrotning shogirdi bo‘lmish Simmiy bu tushni ta’birlab, qush ovlovchilar o‘tmishdagi daholarning fikrlarini sharhlovchi kimsalar ekanini, Aflotunning bir yo‘la ham tabiiy, ham axloqiy, ham ilohiy sifatlarini jam etgan fikrlarini izohlashga ularning qurbi yetmasligini aytadi.

* * *
Aflotun kelgusi avlodlarga hech qachon eskirmaydigan mana bu o‘gitni meros qoldirgan: «Haqiqiy va to‘g‘ri fikrlay oluvchi faylasuflar davlat tepasiga kelmaguncha yoxud hukmdorlar ilohiy iqtidorlari ila tom ma’nodagi faylasuflik maqomiga ko‘tarilmagunlariga qadar insoniyat yovuzlikdan qutulolmaydi».

* * *
Boshiga kulfat tushgan mustabid hukmdor Dionisiydan Aflotunning donishmandligi unga nima bergani haqida so‘rashdi. Sitsiliya hukmdori shunday javob berdi:
— Nahotki men Aflotundan hech nima olmaganga o‘xshasam?! Axir, taqdir zarbasini xotirjamlik bilan qarshi oldim-ku!

* * *
Aflotun Katta Dionisiyning mustabid hokimiyatini aslzodalar hukumatiga aylantirish maqsadida uning huzuriga bordi.
Uning maqsadidan xabar topgan Dionisiy so‘radi:
— Ayt-chi, Aflotun, eng baxtli odam kim?
— Suqrot, — deb javob berdi Aflotun.
— Seningcha, hukmdorning eng asosiy vazifasi nimadan iborat? — yana so‘radi Dionisiy.
Aflotun dedi:
— Qo‘l ostidagilarni yaxshi xulqli qilib tarbiyalashdan iborat.
Dionisiy uchinchi savolini berdi:
— Ayt-chi, nahot odil sud hech narsaga arzimasa?
O’sha davrlarda Dionisiyning hukumat sudi o‘z odilligi bilan dong taratgandi. Biroq Aflotun sir boy bermay, bu savolga shunday javob qaytardi:
— Arzimaydi. Chunki odil hakamlar yirtilgan ko‘ylakni tikib qo‘yadigan yamoqchiga o‘xshaydi.
— Seningcha, mustabid hukmdor bo‘lish uchun jasurlik sifati zarurmi? — so‘nggi savolini berdi Dionisiy.
— Aslo, — dedi Aflotun, — mustabid hukmdor aslini olganda eng qo‘rqoq odamdir. U hatto sartaroshning ustarasidan ham cho‘chiydi.
Bu javobdan g‘azabga kelgan Dionisiy Aflotunga shu kuniyoq Sitsiliyani tark etishni buyurdi.

* * *
Aflotun falsafaga ta’rif berib, quyidagi misralarni yozib qoldirgandi:
— Olamda bilimdan kuchli narsa yo‘qdir. Bilim har qanday huzur-halovatdan ham, boshqa narsalardan ham zo‘rroqdir.

* * *
Falsafa bilan mashg‘ul bo‘ling. Shuningdek, yoshlarda ham falsafaga rag‘bat uyg‘oting.

* * *
Haqiqatni anglashga intiluvchilar chin faylasuflardir.

* * *
Hayrat faylasuflarga xos sifat. Ana shu sifat falsafaning ibtidosi sanaladi.

* * *
Donishmandlar ham, johillar ham falsafa bilan mashg‘ul bo‘la olmaydilar. Donishmandlar bilan johillar oralig‘idagi odamlargina haqiqiy faylasuf bo‘la oladilar.

* * *
Qanchalik noyob qobiliyatli va o‘tkir zehnli bo‘lmasin, falsafaga moyillik hissini tuymagan odam u bilan yaqinlasholmaydi. Zero, falsafa begona qalblarda ildiz otolmaydi.

* * *
Falsafa bilan yoshlikda, me’yorida mashg‘ul bo‘lmoqlik joiz.
Maqola nomi : Aflotun
Vaqti : 21.04.2014|20:54
Ko'rilgan : 2780
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 309/284
Reyting
Bosh sahifa » Aforizmlar
Maqola o'qiypti :17 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика