UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
BOETSIY
(480 (taxminan) -524 yillar)

Rimlik faylasuf, davlat arbobi Boetsiy go‘dakligidayoq otasidan yetim qoldi. Uni Rim shahrining hokimi Kvint Avreliy Memmiy Simmax o‘z tarbiyasiga oldi. Simmax o‘sha davrdagi eng ma’rifatli va olijanob mansabdorlardan biri bo‘lgan.
Boetsiy Arastuning mantiqiy asarlari va Porfiriyning «Arastu toifasiga kirish» deb atalgan qo‘lyozmasini tarjima qildi hamda sharhlab berdi.
Boetsiy VI asrning boshidayoq Aflotun va Arastu asarlarini lotin tilida to‘liq nashr etishni niyat qilgandi. U Arastuning bir nechta asarini tarjima qilib ulgurdi. Ammo Aflotunning ijodiga qo‘l urishiga bevaqt ajal xalaqit berdi...
Boetsiy qirq yoshga yaqinlashib qolganda hukmdor Teodorix saltanatidagi eng oliy martabalardan birini egallab, qaynotasi Simmax bilan birgalikda senatdagi eng nufuzli shaxsga aylandi.
Uning falsafaga bo‘lgan qiziqishi, yuksak so‘zlash va eshitish qobiliyati hamda keng ko‘lamli madaniy va siyosiy bilimlari ko‘pchilikda havas uyg‘otardi. Boetsiy «falsafa do‘stlari»ning to‘garagini ochdi. Bu to‘garakka Simmax va papa Ioann I ham a’zo bo‘lib kirishdi. Ularni falsafaga bo‘lgan qiziqishlaridan tashqari, Vizantiyaga ko‘hna madaniy qadriyatlar o‘chog‘i va Rim turmush tarzining yuksak namunasi deb qarashdek mushtarak fikrlar birlashtirib turardi.
Hukmdor Teodorix saltanatida shuhrat cho‘qqisiga erishgan Boetsiyning saodatli kunlari uzoqqa cho‘zilmadi. Saroy a’yonlaridan biri Kiprian Teodorixga senator Albin go‘yoki Vizantiya imperatoriga yashirincha maktub jo‘natib turishi haqida xabar yetkazdi. Senat majlisiga zudlik bilan yetib kelgan Boetsiy bu chaquvni qat’iy rad etib, nutq so‘zladi. Pirovardida aybdorlik soyasi senator Albinga tushgudek bo‘lsa, uning do‘sti — senat raisi Boetsiy ham chetda qolmasdi.
Boetsiyning senatda so‘zlagan matonatli nutqi uning dushmanlariga yaxshi dastak bo‘ldi. Hasadgo‘ylar hukmdor Teodorixning huzuriga borib, Boetsiyni yolg‘on guvohlik berganlikda va... falsafa bilan mashg‘ullikda(!) aybladilar.
Boetsiy ma’ruzasining senat tomonidan sukut bilan qo‘llab-quvvatlanishi sershubha Teodorixni xavotirga solib qo‘ydi. Ustiga-ustak, saroydagi adovatchi va fitnachi kimsalar Teodorixning shubhalarini yanada alangalatib, Boetsiy va uning to‘garakdosh do‘stlariga qarshi turli tuhmatlar, ig‘vo-bo‘htonlar tarqatishdi.
Tuhmatchi va g‘alamis mansabdorlarning bo‘htonlari hukmdor Teodorixni talvasaga solib qo‘ydi. U yuzidagi ma’rifatparvar hukmdor niqobini yechib tashlashga majbur bo‘ldi. U asliga — qonxo‘r, johil podshohga aylandi. Uning buyrug‘iga muvofiq, Albin va Boetsiy xiyonatkorlikda ayblandilar. Senatorlar qo‘rquv ostida bu ayblovni tasdiqlab, qo‘llab-quvvatlashdi. Boetsiy va Albin hibsga olindilar. Albin tez orada qatl etildi. Boetsiyni esa bir necha oy zindonda saqlab, so‘ng dorga osishdi. Oradan ikki yil o‘tgach, hukmdor Teodorix ham o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, olamdan o‘tdi.
Boetsiy zindonda hukm ijrosini kutib, «Falsafa tasallisi haqida» asarini yozib tugatdi.

* * *
Tuhmatchilar menga bo‘hton qiladilar. Men bu bo‘htonga bo‘ysunamanmi? Yo‘q. Chunki itoatgo‘ylik tuhmatchilar bilan kurashmoqdan voz kechish demakdir.

* * *
Ne sababdan taqdir meni — aybsiz bir kimsani quruq tuhmatga duchor etib, tuhmatchilarning pastkashligiga yo‘l ochib berishdan uyalmadi?

* * *
Yaqin kishilarimizga yomonlik tilash, shubhasiz, bizning qusurimiz. Lekin yovuz kimsa tomonidan aybsiz odamga qarshi fitnaning amalga oshirilishi Tangri nazdida ham eng katta qabihlik bo‘lib ko‘rinishi kerak. Chunonchi, quyidagi mashhur savollarga qaytish adolatdandir: «Agar Tangri mavjud bo‘lsa, yovuzlik qaerdan paydo bo‘ladi? Agar Tangri yo‘q bo‘lsa, ezgulik qaydan keladi?»

* * *
Yomonlik jazosiz qolmaydi. Holbuki, bu illatga ega bo‘lishning o‘ziyoq — eng birinchi jazo.

* * *
Imkon tug‘ilgan yerda ishonch va tafakkurni birlashtiring.
Maqola nomi : Boetsiy
Vaqti : 21.04.2014|20:40
Ko'rilgan : 1320
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 181/193
Reyting
Bosh sahifa » Aforizmlar
Maqola o'qiypti :12 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика