UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Psixologiya fanining metodlari. Aniq izlanish predmetiga ega bo’lgan har qanday fan o’sha predmetining mohiyatini yoritish va materiallar to’plash uchun maxsus usullar va vositalardan foydalanadi va ular fanning metodlari deb yuritiladi.
Fanning salohiyati va obro’si ham birinchi navbatda o’sha metodlar yordamida to’plangan ma’lumotlarning ishonchliligi va validliligiga bog’liq bo’ladi. Bu fikrlar bevosita psixologiyaga ham aloqador bo’lib, metodlar masalasi bu fanda juda katta ahamiyatga molik masala sifatida qaraladi. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, psixik hodisalarni bevosita qo’l bilan ushlab, ko’z bilan ilg’ab, quloq bilan sezish qiyin. Lekin juda ko’plab fanlar bilan faol hamkorlik shunga olib kelganki, psixologiyaning har bir tarmog’i o’z vazifalarini yechish va ma’lumotlarga ega bo’lish uchun ko’plab metodlarni sinovlardan o’tkazib, eng ishonchli va mukammallarini saqlab qolgan.
Matematik statistika va ehtimollar nazariyasining psixologiya sohasida qo’llanilishi va unda erishilgan muvaffaqiyatlar avvalo har bir metodning ishonchlilik darajasini aniqlash, qolaversa, to’plangan ma’lumotlarning qay darajada asosli va valid ekanligini isbotlashga yordam beradi.
3-rasmda asosiy psixologik metodlar va ularni qo’llash shakllari keltirilgan. Ushbu metodlar yordamida tadqiqotchi yoki qiziqqan shaxs u yoki bu psixik jarayon, xolat yoki shaxs xususiyatlari to’g’risida birlamchi ma’lumotlar to’playdi, to’plangan ma’lumot yana tahlil qilinadi va maxsus tarzda ishlatilishi mumkin. Psixologiya fanining asosiy metodlari


Bu usul eng tabiiy va hayotiy metodlar jumlasiga kiradi. Chunki biz hayotda o’rgangan ko’p odatlarimiz, harakatlarimizning asosida o’zining bilim-bilmay kuzatgan, xotiramizda shu tarzda olib qolgan ma’lumotlarimiz yotadi. Ilmiy nuqtai nazardan esa kuzatuvning turlari va bosqichlari farqlanadi.
Tashqi kuzatuv mohiyatan kuzatiluvchi xulq-atvorini bevosita tashqaridan turib, kuzatish orqali ma’lumotlar to’plash usulidir. Usulning o’ziga xosligi shundaki, tadqiqotchi kuzatiluvchining faoliyatiga aralashmagan va unga xalaqit bermagan tarzda, uning tashqi xulq-atvori, nutqi, o’zgalarga munosabatini “zimdan kuzatib”, qayd qilib boradi. Kuzatishning ikki asosiy turi bo’lib, tashqi-obyektiv kuzatish va ichki – o’z-o’zini kuzatish farqlanadi. O’z-o’zini kuzatish birovlarni tashqaridan kuzatishdan farqli, odamning o’zida kechayotgan biror o’zgarish yoki hodisani shaxsan o’rganishi maqsadida ma’lumotlar to’plash va qayd etish usulidir.
Erkin kuzatuv ko’pincha biror ijtimoiy hodisa yoki jarayonni o’rganish maqsad qilib qo’yilganda qo’llaniladi. Masalan, bayram arafasida aholining kayfiyatini bilish maqsadida kuzatuv tashkil qilinsa, oldindan maxsus reja yoki dastur bo’lmaydi, kuzatuv obyekti ham qat’iy bo’lishi shart emas. Yoki dars jarayonida bolalarning u yoki bu mavzu yuzasidan umumiy munosabatlarini bilish uchun ham ba’zan erkin kuzatish tashkil etilishi mumkin. Standartlashtirilgan kuzatuv esa buning aksi bo’lib, nimani, qachon, kim va kimni kuzatish qat’iy belgilab olinadi va maxsus dastur doirasidan chiqmasdan, kuzatuv olib boriladi.
Ijtimoiy hamda pedagogik psixologiyada guruhiy jarayonlarning shaxs xulq-atvoriga ta’sirini o’rganish maqsadida bevosita ichkaridan kuzatuv tashkil qilinadi, bunda kuzatuvchi shaxs o’sha guruh yoki oila hayotiga tabiiy ravishda qo’shiladi va zimdan kuzatish ishlarini olib boradi. Bu bir qarashda kontrrazvedkachilarning faoliyatini ham eslatadi. Shu yo’l bilan olingan ma’lumotlar bir tomondan tabiiyligi va mufassalligi bilan qimmatli bo’lsa, ikkinchi tomondan, agar kuzatuvchida konformizm xislati kuchli bo’lsa, o’zi ham guruh hayotiga juda kirishib ketib, undagi ayrim hodisalarni subyektiv ravishda qayd etadigan bo’lib qolishi ham mumkin. Guruhiy fenomenlarni tashqaridan kuzatish buning aksi – ya’ni kuzatuvchi guruhga yoki kuzatilayotgan jarayonga nisbatan chetda bo’ladi va faqat bevosita ko’zi bilan ko’rgan va eshitganlari asosida xulosalar chiqaradi.
Umuman, kuzatish metodining ijtimoiy hayot, professional ko’rsatgichlarni qayd qilishda so’zsiz afzalliklari bor, lekin shu bilan birga kuzatuvchining professional mahorati, kuzatuvchanligi, sabr-qanoatiga bog’liq bo’lgan jihatlar, yana to’plangan ma’lumotlarni subyektiv ravishda tahlil qilish xavfi bo’lgani uchun ham biroz noqulayliklari ham bor, shuning uchun ham u boshqa metodlar bilan birgalikda ishlatiladi. Umuman kuzatish vositasida ma’lumotlar to’plashga qaror qilgan kimsa har doim ham aniq kuzatuv obyektini ajratib olishi, undan nimalarni kutayotganligini tasavvur qilishi, kuzatuv daftarini tutib, kuzatilayotgan odam yoki guruhning faoliyatini ma’lum muddat davomida bosqichma-bosqich izchil tarzda qayd qilib borishi, izlanishlari nihoyasida esa barcha tuplangan ma’lumotlarni psixologik jiatdan tahlil qila olishi kerak.
Maqola nomi : Psixologiya fanining asosiy metodlari
Vaqti : 27.10.2016|18:22
Ko'rilgan : 15580
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 420/259
Reyting
Bosh sahifa » Adabiyot » Psixologiya » Psixologiya
Maqola o'qiypti :43 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика