UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Arava o'ydim-chuqur tog' yo'liga tushdi. Goh suvi qurib qolgan tog' soylarining o'zanidan o'tar, goh ekinsiz dalalar, buzilgan bog'lar yonida yurib borardi.
Ba'zan yakka-dukka dehqonlar, charchoqdan ingrayotganga o'xshab ovoz chiqargan aravalar, o'tin orqalab ketayotgan yalang oyoq ayollar uchrab qolardi.
Yolg'izoyoq bog' yo'lidan uzun mo'ylovli, qaroqchilarga o'xshash vahimali ikkita jandarma chiqib keldi. Yonimizdan o'tib ketayotib aravakashga:
- Assalomu alaykum! - deyishdi-yu, menga tikilib qarashdi.
Hoji xalfa: «Yo'llar, xudoga shukr, tinch, shunday bo'lsa hamki, yuzingni berkitib yur. Sening surating hamma yerda ochsa bo'ladigan suratlardan emas. Fahmladingmi, afandim», - degan edi.
Uzoqdan birovning kelayotganini ko'rdim deguncha Hoji xalfaning ta'kidini eslab, darrov yuzimni to'sib olardim.
Soatlar o'tgan sayin yo'llar jimib, g'amgin tus olib borardi. Qishloq aravalarining ingichka, chinqiroq tovush chiqarib g'ijillaydigan fazilati bor. Buni o'ylab chiqarganlar xo'p yaxshi ish qilishgan-da! Jarlarda, daralarda g'ildiraklar g'ijillab chiqargan aksi sadolar odamga xuddi tasalli beruvchi ovozday eshitiladi. Tog' oralig'idan o'tib ketayotganimizda menga shunday tuyuldiki, uzoqlarda, shu kuyganday ko'ringan qora toshlar orqasida ko'z ilg'amas bir yo'l boru, ingichka ovozli bir xotin mungli tovush bilan yig'lab-siqtab ketimizdan yugurib kelayotganga o'xshaydi.
Kech kirib kelmoqda. Quyosh tepalar orqasiga sekin-sekin o'tar, jarlarga qorong'ulik cho'kar edi.
Yo'lning hali oxiri ko'rinmaydi. Hatto biror qishloq, biror tup daraxt ko'rinmaydi...
Yuragimda sekin-sekin qo'rquv uyg'ona boshladi. Kechasigacha Zaynilar qishlog'iga yetib ololmasak nima bo'ladi? Birdan mana shu tog'lar orasida yolg'iz tunashga majbur bo'lsak-a?
Aravakash ora-sira to'xtab otlariga dam berar, ular bilan bamisoli odamlar bilan gaplashayotgandek gaplashardi.
Toshlar orasida yana shunday to'xtab, otlariga dam bera boshlaganda, men paytdan foydalanib:
- Hali uzoqmi? - deb so'radim.
Aravakash boshini og'ir-og'ir tebratib javob berdi:
- Yo'q, keldik.
Bu kishi yoshi anchaga yetib qolgan odam bo'lmaganda, men bilan hazillashyapti, deb o'ylar edim.
- Qanday bo'ldi? Na uzoq ko'rinadi va na qishloq,- dedim hayron bo'lib.
Chol aravadan yuklarimni tushirayotib javob berdi:
- Mana shu so'qmoqdan tushamiz. Zaynilar bu yerdan besh minutlik yo'l. U yoqqa arava bormaydi.
Biz toshlar orasidan minora zinapoyasidek tik so'qmoq bilan pastga tusha boshladik. Pastda, oqshom ola-qorong'uligi ichida qop-qora sarvi daraxtzori, atrofi chetan bilan to'silgan yalang'och bog'lar orasida yakka-dukka kulbalar, yog'och uylar borligini ko'rdim.
Bir qarashda Zaynilar menga u yer-bu yerida hali tutunlari burqsib turgan bir yong'in xarobasiga o'xshab ko'rindi.
Qishloq deyilganda ko'z oldimga Bosfordagi ko'm-ko'k daraxtlar ichiga ko'milgan qadimiy chorbog'larning kaptarxonalariga o'xshagan dilbar, yoqimli kulbalari kelardi. Zaynilar uylari esa yiqilaman deb turgan qora vayronalarga o'xshaydi.
Bir yiqiq tegirmon oldida abo* kiyib, salla o'rab olgan cholga duch keldik. U qovurg'alari terisidan o'ynab chiqqan ozg'in bir sigirni arqonidan tortib, shu uylarning biriga qarab sudrayotgan edi. Bizni ko'rib to'xtadi-da, tikilib qarab qoldi. Bu chol Zaynilar qishlog'ining oqsoqoli ekan. Aravakash uni tanir ekan. Bir necha og'iz so'z bilan u mening kimligimni tushuntirdi.
Beli burma, qop-qora chodram va mahkam yopilgan yuz pardam ichida mening yoshgina qizligimni bilib bo'lmas edi. Shunga qaramasdan, oqsoqol afandi meni juda yasangan-tusangan deb o'yladi shekilli, men tomonga taajjublanib qaradi. Keyin sigirini yalangoyoq bir bolaga topshirib, bizni qishloqning tor ko'chalari bilan ergashtirib ketdi. Endi uylarni yaxshiroq ko'ra boshladim. Bosforda, Qovoq qishlog'i tevaragida, oldiga to'rlar yoyib qo'yilgan vayrona baliqchi kulbalari bo'lardi. Kulbalar dengiz shamolining zarbalari bilan qiyshaygan, yomg'ir ostida chirib, qorayib ketgan edi. Zaynilar qishlog'i dastavval menga o'sha uylarni xotirlatdi.
Ostilarida to'rt ustunli molxona, ustilarida osma shoti bilan chiqiladigan bir-ikki xona. Harholda, Zaynilar shu damgacha men eshitgan, suratlarini men ko'rgan qishloqlarning hech biriga o'xshamas edi.
Atrofi baland taxtalar bilan o'rab olingan bir bog'ning qizil eshigi oldida to'xtadik. Barglariga qadar qop-qora ko'ringan bu qishloqda qizil rangni endi ko'ryapman.
Oqsoqol eshikni musht urib taqillata boshladi. Har urganda eshik yiqilib ketay-yiqilib ketay deb larzanglar edi.
Birinchi marta og'iz ochishga jur'at etdim.
- Ichkarida hech kim yo'qqa o'xshaydi, - dedim.
Oqsoqol bosh tebratib javob qildi:
- Xaticha xonim shom namozini o'qiyotgan bo'lsa kerak, bir oz kutamiz.
Aravakashning kutishga vaqti yo'q edi, yuklarimni eshik yonida qoldirib, biz bilan
xayrlashib ketdi.
Oqsoqol abosining etaklarini yig'ishtirib yerga o'tirdi. Men chamadonimning bir chekkasiga omonatgina o'tirdim. Ikkovimiz gaplasha boshladik.
Uning gapidan ma'lum bo'lishicha, Xaticha
Maqola nomi : Rashod Nuri Guntekin - Choliqushi (4-qism roman)
Vaqti : 09.11.2014|09:21
Ko'rilgan : 11671
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 359/274
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :27 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика