UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
O'sha yoz sayohatga chiqdim. Uzoqqa emas, Taqirdog'iga... Ma'lumki, xudo menga xolalardan mo'lroq narsa bermagan. Shulardan biri ham Taqirdog'ida. Eri Aziz pochcham xolamga uylangandan beri o'sha yerda dehqonchilik qiladi. Mujgon degan mendan uch yosh katta qizlari ham bor. Qarindoshlarimning bolalari ichida hammasidan ko'proq o'shani yaxshi ko'raman.
Mujgon xunuk qiz. Lekin men bunga parvo qilmayman. Oramizda uch yosh farq bo'lishiga qaramay, men uni yoshligimdan beri katta opam o'rnidan ko'rib, o'rganib qolganman. Hozir farqimiz juda kamayib qolgan bo'lsa ham, hamon unga avvalgiday qarab «opa» deb gapiraman.
Mujgon opam mening tamom aksim. Men qanchalik sho'x, qanchalik olov bo'lsam, u shunchalik og'ir, vazmin. Buning ustiga sal zug'mi ham bor. Xohlaganini qildiradigan bitta shuning o'zi desam bo'ladi. Ba'zan nasihatlariga parvo qilmay, xohishlariga qarshi chiqsam hamki, yana bo'ysunishga to'g'ri keladi. Nega? O'zim ham hayronman. Odam bolasi birovni yaxshi ko'rish halokatiga uchradimi, tamom, o'shanga qul bo'lib qoladi.
Mujgon Oysha xolam bilan birga necha yilda bir marta Istambulga kelar, bir necha hafta chorbog'da qolar, yo boshqa xolalarimnikida mehmon bo'lar edi.
O'sha yoz Taqirdog'idan meni chaqirib xat keldi. Oysha xolam Basima xolamga yozgan xatida: «Sizdan-ku umidim yo'g'-a, lekin Faridani yozgi kanikulida, albatta, yuborsangiz, hech bo'lmasa ikki oygina turib ketsa, kutamiz. Bilasiz-ku, biz ham xolamiz. Kelmasa, pochchasi ham, men ham, Mujgon ham juda qattiq xafa bo'lamiz», - debdi.
Basima xolam, Najmiya Taqirdog'ini dunyoning bir burchagida deb hisoblashar, olis yulduzlarga qaraganday ko'zlarini suzishib: «Bo'lmagan gap! Shuncha joyga qanday borib bo'ladi?» - deb vahima qilishardi. Men yasama bir hurmat bilan huzurlarida egilib:
- Ijozat bersalaringiz, u yerning borib bo'lmaydigan joy emasligini isbot qilish zahmatini bo'ynimga olsam, - dedim.
Dugonalarim orasida yozgi kanikul kunlarida oilalari bilan birga sayohatga chiqadiganlar va qaytgandan keyin bizga og'iz ko'pirtirib maqtanadiganlar bo'lardi. Demak, maktab ochilganda bizga ham mundoq qadni ko'tarib gapirish imkoni tug'iladi.
Bulturgi sevgi savdosiga bu yil sayohat hikoyasi qo'shilsa bormi, ajoyib dabdaba bo'lar edi. Qani endi men ham portfelimni qo'limga olsam-u, romanlarda yozilgan amerikalik qizlar singari yakka o'zim kemaga tushib jo'nab qolsam. Lekin xolalarim bu orzumni vahimali chinqiriq bilan qarshilab, yonimga bitta odam olmasdan yo'lga chiqishimga rozi bo'lmadilar. Shunda ham: «Qorong'ida panjaradan dengizga qarama... Kema zinapoyalaridan yugurib tushma» kabi og'ir nasihatlari bilan ta'bimni rosa tirriq qilishdi, go'yo Taqirdoqqa qatnaydigan tog'oraday paroxodning Transatlantika kemalari singari sakson metrli zinapoyalari borday...
Mujgonni ko'rmaganimga ikki yil bo'lgan edi. Shu orada o'sibdi, yetilibdi, gaplashishga odamning yuragi betlamaydigan darajada kerik salobatli bo'lib qolibdi. Shunga qaramay, bir zumda apoq-chapoq bo'lib ketdik.
Oysha xolam bilan Mujgonning do'stlari juda ko'p. Men ham o'shalarga qo'shilib oldim.
Har kun mehmondorchilikka chorboqqa yo boqqa chaqirib ketishardi. Endi katta qiz bo'lib qolganimni, yarashmagan qiliq qilsam, ayb bo'lishini aytganlari uchun harakatlarimga juda ehtiyot bo'la boshladim. Begona xotinlarga qochiriqlar aytganimda, ularning savollariga jiddiy, muloyim javoblar qilganimda o'zimni mehmon o'yini o'ynayotgan qo'g'irchoqqa o'xshatardim. Shunday bo'lsa ham, odamlar orasiga qo'shilish menda g'urur uyg'otmay qolmas edi.
Mehmondorchiliklar bahrimni har qancha ochsa ham, lekin ular Mujgon bilan yolg'iz qolgan baxtli damlarim qadar emas edi.
Pochchamning uyi dengiz bo'yidagi baland qirlikda. Mujgon opam ba'zi joylari tik devorga o'xshagan bu qirdan dengiz bo'yiga tushishimni xavfli hisoblab, avvallari bunga yo'l qo'ymay keldi. Keyin esa men uchun hech qanday xavf yo'qligiga o'zi ham ishondi. Soatlar bo'yi qumda yotar, suv betida tosh yumalatar, dengiz bo'yida uzoq-uzoqlarga ketib qolar edik.
Dengiz bu mavsumda nihoyatda chiroyli, sokin bo'lsa ham, lekin nash'asiz edi. Ba'zan soatlar o'tardi, lekin sathida na bir yelkan va na nafis tuman parchasi ko'rinardi. Kechki paytlarda dengiz odamning yuragini chiqarib yuboradigan darajada kengayib, sho'ppayib qolardi. Xayriyatki, men bu tahlikani oldindan sezib olar, dengiz bo'yidagi qoyalarni qahqahalarim bilan gurillatar edim.
Bir kuni Mujgon ikkimiz dengiz bo'yiga tushdigu, uzoqdagi burunga qarab ketdik. Maqsadimiz ana shu burunni hosil qilgan qoyalar orqasidagi pana qo'ltiqqa borish edi, faqat aksiga olib, yo'l berk chiqib qoldi. Oyoq kiyimlarimizni yechib suvga tushishdan boshqa chora yo'q edi. Meni-ku bu narsa sevintirdi-ya, lekin bo'yiga yetib, xonimcha bo'lib qolgan Mujgonni nima qilamiz?
Har qancha aytganimda ham tuflilari bilan paypoqlarini yechmasligini bilganim uchun:
- Kel, Mujgon opa, seni opichib olay... Ko'tarib o'tkazib qo'yaman, - dedim.
Mujgon unamadi.
- Jinni qiz, kap-katta odamni qanday olib o'tasan! -
Maqola nomi : Rashod Nuri Guntekin - Choliqushi (2-qism roman)
Vaqti : 09.11.2014|09:20
Ko'rilgan : 12522
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 487/433
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :23 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика