UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Tashqarida lopillab laylakqor yogʻardi. Zebo buvisining tanchasida mudrab oʻtirar, uning koʻz oldidan qachonlardir kitoblarda oʻqigani yoxud odamlar tilidan eshitgani bir manzara oʻtar edi: derazalar!
Deraza oynalari lampochkalar nuriga yoʻgʻrilib koʻrinadi. Ichkaridagi noz-ne’matlarga toʻla stol atrofida tik turgan odamlar qoʻllaridagi qadahlarini choʻqishtirib, bir-biriga shirin orzu-tilaklar bildirishyapti.
Zebo xayolan oʻshalar davrasiga tushib qoldi: ana, bittasi Zeboning ham qoʻliga qadah tutib, peshonasidan oʻpdi. Zebo qarasa, u akasi emish. Ana, yangasi ham uni quchib oʻpdi: «Senga baxt tilayman, Zebo! Yangi yil bilan!» — dedi.
Qiz choʻchib boshini koʻtardi. Yon-veriga qaradi va shaxt bilan tanchadan turib ketdi. Ayvonga chikdi.
Ayvondan toʻgʻriga, oʻz uylariga qarab ketgan yoʻlka oppoq, undagi yolgʻiz odam qoldirgan izni ham qor koʻmib boryapti.
Zebo kalishini kiyib, ayvondan tushdi. Qordagi izlarni tavakkal bosib pildirab ketdi. Chorpoya ostidan chiqqan it ham choʻzilib kerishdi-da, qizning ortidan chopdi. Undan oldinga oʻtib, roʻparadagi uy ayvoniga chiqib bordi.
Zebo nam tortib ketgan dahlizda kalishini yechib, oʻng qoʻldagi xonaga kirdi. Yuziga boʻgʻriqqan issiq havo urildi. Choʻyan pechning kulxonasini tozalayotgan onasi qoshida toʻxtadi.
— Ena, shaharga ketaman. Akamni koʻrib kelaman!
Ona unga hayron boʻlib qaradi.
— Hozirmi? Bayram oʻtsin. Keyin borib kelasan. Biznikiga ham bitta-yarimta mehmonlar keladi. Men yolgʻizlik qilib qolaman.
— Boraman! — dedi Zebo onasining gapini eshitmaganday. — Hozir ketaman! Nima berasiz, tayyor qiling hozir!
— Otangdan soʻra boʻlmasam. Hali-zamon kelib qoladi.
— Otam rozi boʻladilar. Menga pul bering! Sandiqni oching...
Ota-ona yolgʻiz qizlari bilan qolgan. Ular Zeboning soʻzini ikki qilishmasdi.
Zebo dahlizga qaytib chikdi. Narigi xonaga kirdi. Devorlarga koʻz tashlab, toʻrdagi shkafni ochdi. Tugundan atlas koʻylagini, qoziqdan paltosini oldi. U bir-pasda kiyinib ham boʻldi.
Palto unga uzunlik qilar, guldrr shol roʻmol uni katta qilib koʻrsatar, ichi moʻynali etikchasining qoʻnji keng, qizga yarashmas edi.
Ona kirdi, chiqdi. Zeboning qoshida toʻxtadi. Nimadir deb toʻngʻilladi. Oxiri:
— Borasan dedim-ku! — dedi.
Oradan bir soatlar vaqt oʻtdi chamasi. Zebo shaharga qatnaydigan avtobusda oʻtirar, avtobus qorga burkangan qishloqdan chiqib biyday dala yoʻliga tushgan, yoʻlning odoqlari oqarib, tumanlanib koʻrinar, goʻyo avtobus allaqancha odamlarni olib noma’lum, sirli tomonga ketmoqda edi.
Lekin yoʻlovchilar mamnun, derazalardan olislarga koʻz tashlashadi, bir-biriga qishning yaxshi kelgani, qor ham ayni vaqtida yogʻayotganini aytishadi.
— Ha, qor boʻlmasa Yangi yil bayrami boʻladimi! — deb qoʻydi Zebo ham.
U suhbatga qoʻshilmagani uchunmi, gapiga hech kim parvo qilmadi, zero qiz ham ularga parvo qilmadi. Asta-sekin uning xayolidagi manzara — onasining «ertagayoq orqangga qayt!» deya yelkasini silagani, ota-sining avtobus shoferiga ortiqcha pul berib: «Akasining uyiga yaqin oborib tashlang», deya iltimos qilib Zeboni koʻrsatgani, yoʻl yoqasida choʻnqayib oʻtirgan ola-parning allaqanday siniq tovushda hurib qoʻygani — uning xayolidan koʻtarilib, avtobus oldinga jilgani sari qizning fikri-yodini tagʻin oʻziga tanish, aziz manzara egallab olar edi.
Odatda avtobus shaharga kechki soat beshga qolmay yetib borardi. Bugun esa olti yarimda yetdi.
Tanish koʻcha. Ioʻl yoqasida oʻsha novcha daraxtlar! Qiziq, shaharda yoʻllarga qor tushgani qoʻyishmay-di-ya? Yer supurgich mashinalar va yana allaqanday kichkina avtobuschalar uyoqdan-buyoqqa oʻtib, asfaltni tozalab ketishyapti. Qor esa bunga oʻchakishganday.
Mana, besh qavatli baland imorat. Uning yuqori qavati koʻrinmaydi! Bulut pasayib qolganday.
Zebo allaqanday ichki hayajonda yoʻlni kesib oʻtdi. U yoʻlkaga tushmayoq avtobus ham iziga qaytib ketdi.
Mana, yosh-yosh chinorlar! Barglari toʻkilmapti. Shoxlarini qor bosgan. Ana, archalar. Shu shaharliklar qiziq! Togʻdan archa keltirib, uylari yoniga oʻtqazishadi. Shularga qarab zavqlanishsa kerak, yoki oʻzlarini togʻda yashayotganday his qilishadimi?
Ana, akasi bilan yangasi turadigan imorat.
Bu imorat Zeboga yaqin, aziz koʻrinib ketdi. Xuddi oʻz uyiga yetganday mamnun boʻlib bir toʻxtadi, chap qoʻlidagi ogʻirgina chamadonni oʻng qoʻliga oldi.
Zinalar. Eshik. Zebo oppoq tugmachani bosdi. Ichkarida qoʻngʻiroq jiringladi. Ship-ship qadam tovushlari keldi. Nihoyat, nimadir qitir etdi va eshik ochildi.
— E, Zebo! — baqirib yubordi akasi.
U yaxshi kiyinib olgan, egnida qora kostyum, boʻynida qizil galstuk, oyogʻida yaltiroq tufli.
Aka singlisining peshonasidan oʻpdi. Yoʻlakka qarab qoʻyib, eshikni bekitdi.
— Yangam uydami, aka?
— Uyda... kiyinyapti! Sharifa! Zebo keldi! — Oqiljon Zeboga kulib boqdi: — Toʻgʻri qishloqdan kelyapsanmi?
— Ha, — dedi Zebo ham kulimsirab. — Yangi yilni koʻrgani
Maqola nomi : Baxtli boʻlinglar
Vaqti : 06.09.2014|22:29
Ko'rilgan : 3303
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 265/275
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :54 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика