UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Habib odatiga koʻra erta turdi. Derazaning tabaqalarini ochganda palataga gupillab qor hidi urildi. Qor yogʻyapti! – Birinchi qor! Oppoq…
U har kuni tongda yuguradi. Chiniqish kerak.
Habib sport kiyimini kiyib, tashqariga otildi. Hovliga chiqaverishda mudrab oʻtirgan qorovul chol unga hayron boʻlib tikildi:
— Oʻgʻlim, bugun qor yogʻyapti-ku.
— Ota, bir aylanib kelmasam koʻnglim tinchimaydi.
Qorovul chol oʻzi shunaqa. Habib har safar ertalab chiqayotganda bir bahonani aytib turadi. Bir «sovuq» desa, ikkinchi gal «yomgʻir yogʻyapti», deydi. Habib har safar shu taxlit javob qaytarib, oʻtib ketaveradi. Chol unga qarab qolaveradi: «gʻalati yigit!»
Habib yugurishi kerak. Sogʻligiga foydali. Ammo qor koʻp yogʻipti. Sovqotib qolmasmikan? Hechqisi yoʻq, bir aylansa, qiziydi.
Qor yogʻardi. Birinchi qor!
Habib sekingina yugurib ketdi. Qor mayin-mayin. Sement yoʻlka boʻylab emas, xuddi momiq koʻrpa boʻylab yugurayotganday. Qor betlariga, sochlariga uriladi. Muloyim-muloyim, goʻyo suygan qizi erkalayotganday. Habibning zavqi keldi. Qoʻllarini yozib, osmonga qaradi. Ogʻzini kappa-kappa ochib, qor donachalarini yuta boshladi. Badanida rohatli junjikish sezdi-da, yana yugurib ketdi. Qanday yaxshi! Birinchi qor boʻylab hali hech kim yurmapti. U ortiga qaradi: qorda faqat uning izlari yaxlit-yaxlit boʻlib qolgan.
Gulsara nima qilayotgan ekan? oʻrnidan turdimikan? Birinchi qorni koʻrdimikan?
…oʻshanda ham qor yoqqandi. Studentchilik. Yigitlik qoni koʻpirgan payt. Habib bir toʻda oʻrtoqlari bilan koʻchada dilozorlik qilib, toʻgʻri kelgan qizga qor otib, iloji boʻlsa, toʻxtatib, yuziga ishqayotgandilar. Habib otgan qor nogoh yoʻlka chetida borayotgan qizning yelkasiga tegdi. Qiz toʻxtab, qorni qoqdi, oʻgirilib, oʻziga ishshayib turgan allaqanday yigitni koʻrdi-da, hech narsa boʻlmaganday, yoʻlida davom etdi. Bu Habibga ta’sir qildi. Qorni dumaloqlagancha yugurib, qizga yetdi. Yelkasidan tutib, yuziga ishqaladi. Voajab! Qiz na qarshilik koʻrsatdi, na himoyalanib egildi. Yuzidagi qorni osoyyishta artib, Habibga bamaylixotir qarab turardi. Bu koʻzlar: «Boʻldimi, yo yana boshqa hunarlaring ham bormi?», deb soʻrardi.
Qarshilik koʻrsatsa boʻlmasmidi? Dod-voy qilib qochsa boʻlmasmidi? Bu qanday bedodlik? Yigit va qiz. – Habib va Gulsara! Bir-biriga tikili-ib turishardi. Habib qizning chinqirishini, xursand boʻlib oʻzini himoya qilishini, hech boʻlmaganda ikkita nordon gap aytishini kutgandi. Agar shunday qilsa, yerdan yana qor olib, oʻxshatib, yuziga ishqamoqchi edi. Buning gashti boshqacha-da. Koʻchada ketayotgan qizlarning koʻpchiligi shunaqa qilishadi. Chinqirishadi. Uzoqroqqa borgandan keyin xursand boʻlib, musht oʻqtalishadi. Ammo bu qiz…
Qizning yuziga yana qor chaplash uchun koʻtarilgan qoʻl asta-sekin yoniga osildi. Mushti yozilib, kaftidagi qor yerga tushdi. Lol boʻlib, qizning koʻzlariga tikildi. Hayhot! Bu koʻzlarda nima bor? Yigitning yuragiga bir nima qattiq urilganday, vujudi qizib ketdi. Qoʻllari qaltiray boshladi. Nimalardir demoqchi edi, ovozi chiqmadi. Tomoqlarigacha qaltirardi. Iljaymoqchi boʻldi, ammo uddalay olmadi. Yuzi xuddi yigʻlamoqchi boʻlayotgan kishi holatini aks ettirdi. Qiz esa hamon osoyishta tikilardi. Yigit koʻzlarini olib qochdi. Iy-e! Habib bunchalar boʻshang emasdi-ku. Unga nima boʻldi?
Yigitdan sado chiqmagandan keyin qiz asta yonidan oʻtib, yoʻlida davom etdi. Habib ortidan qarab qoldi. U hozir biron bir joʻyali tadbir oʻylab topishga noqodir edi…
Habib kasalxona atrofini bir marta aylanib chiqdi. Odati boʻyicha yana ikki marta aylanishi kerak. Sochlari oppoq boʻlib qolibdi.
… oʻshanda Habib birdan sustlashib, oʻychan keta boshladi. Yugurib yurgan doʻstlaridan biri unga qor otdi. Qor qulogʻining tagiga tegib, badanini achishtirdi, ammo Habib qorni hech qanday his-hayajonsiz qoqib tashladi. Nazarida, yuragi birdan boʻshab qolganday. Ilgari ham shunday, yuoʻsh boʻlganu, buni oʻzi payqamaganday. Boʻsh joyni toʻldirish juda zarur edi, shekilli.
Gʻayritabiiy qiz! Koʻzlari sokin qiz! Yurishlari bamaylixotir qiz! Kim ekan u? Yana uchratarmikan? Yoʻq. Uchratmadi. Tasodif bilan bir duch keldiyu, Habibning oromi buzildi. Unga nimadir yetishmaydi.
Oradan bir yil oʻtdi. Nimagadir Habib nuqul oʻsha voqeani, oʻsha qizni qayta-qayta eslayverdi.
Yoppasiga rentgen koʻrigidan oʻtishayotganda Habibning oʻpkasida dogʻ borligi aniqlandi. Ana xolos! Soppa-sogʻ odamga beting-koʻzing demay, «oʻpka kasalsan», desa alam qilarkan. Habibning hech yeri ogʻrimasdi axir! Bari bir vrachlar qoʻyishmadi: kasallik endi boshlanayotgan emish. Oldi olinsa yaxshi boʻlarmish. Kasalxonaga tushgandan soʻng ikkinchi kuni unga dori yozishdi. Ruhsiz bir holatda kechki ovqat oldidan dori olish uchun hamshiraning xonasiga kirdi. Oʻz xayollari bilan boʻlib, uzatilgan dorini olgancha, iziga burilgandi…
— Shu yerda iching!
Habib hamshiraning ovozini eshitdi-da, boshini koʻtardi.
Maqola nomi : Birinchi qor
Vaqti : 06.09.2014|22:20
Ko'rilgan : 2663
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 346/328
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :36 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика