UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Xayolotning rangin, boy dunyosi ichra men faqat sizni izlasam, faqat sizga zorlik sezsam, nima qilay? Boshimni qaysi devorga uray? Ko‘zlarim boshqa odamga boqsa xuddi bir nima bo‘ladigandek, faqat sizni ko‘rsa, kimga aytay dodimni? Bu g‘alati hissiyotning ta’rifi bormi?
Sizni ko‘rmaganimga aslida ming yillar bo‘ldi. Ming yilmi yoki ming asr?.. Bilmadim. Lekin sizni hanuz unutolmayotganim, xayolingiz bilan tunlarni qarshilayotganim, tonglarni ottirayotganim rost. Hatto tushlarimda ham ismingizni aytib chiqaman. Go‘yo dunyo faqat siz va sizdan iboratday, sizdan boshqani o‘ylolmayman. Yuragim torlaridan ishq qo‘shig‘i taraladi. Uni faqat siz tinglashingizni istayman. O‘zgalar qalbim navolaridan ogoh bo‘lmasin. Axir menga siz keraksiz. Siz!..
Sizga boqqan ko‘zlarimda nimani ko‘rasiz? Mehrnimi, muhabbatnimi? Yo yuragimni tilka-pora qilib yuborgan qaysar sog‘inchnimi? Ehtimol, ko‘zlarimda yig‘layotgan iztirobni ko‘rarsiz?..
Nega yuragim yig‘laydi? Nega ko‘zlarim sog‘inchni sevadi? Nega sizga boqqan ko‘zlarimda visol quvonchi bilan birga hijron azobi yashaydi?.. Siz savollarimga javob berishga urinmang, ovora bo‘lasiz. Chunki... Chunki o‘zim ham bilmayman javobni. Qancha vaqt izladim, ammo natija bo‘lmadi.
Yurak so‘zlaydi, yurak bo‘zlaydi... Ko‘ksimni kuydirib qaynoq yoshlarini to‘kadi. Men uni ovutolmayman, ovutgim kelmaydi ham. Chunki uni iztirobga solish menga rohat bag‘ishlaydi. G‘alati-a? Lekin rost gapiryapman. Men qalbimni ezishni yaxshi ko‘raman, uning azoblari meni toblayotganini, ko‘ksim tobora ulkanlashib borayotganini his etaman. Shunday yashashni xohlayman: armonlarga asir bo‘li-ib... Dardlarimning rango rang dunyosidan hech qaerga ketgim kelmaydi. Iztiroblarimning qaynoq og‘ushida men o‘zimni azizday his etaman... Ularga kerakligimni, ular mensiz, men ularsiz yasholmasligimni bilaman. Men qalbim dardlari bilan tirikman. Ular meni tark etgan kun men dunyoni tark etsam kerak...
Men muhabbat deb yashayman. Ammo... muhabbat bizni deb yashamaydi-ku. Sevgining bizdan boshqa oshnolari ham bor... biroq mening qalbimni kuydirgan otash sizni ham benasib qoldirmaganiga ishongim keladi. Ishongim keladi sizning ham ko‘zlaringizda sog‘inch yashashiga... buning uchun meni aybsitmasangiz kerak?.. Yo mening azobli nigohlarim sizga azob beradimi?.. Ayting, meni ko‘rganingizda, yuragingizda titroq sezasizmi?..
Oh, qanchalar ishongim keladi qalbingizda men uchun joy borligiga!.. Men ushalmas orzuning ortidan quvib yuribman, shundaymi? "Meni unut! Sevma!” deb aytishga botinolmaysiz-a? Buni ko‘zlaringizdan payqayman-ku... Biroq sizga tan olib aytolmayman. Qalbimdagi ilinj meni tashlab ketishidan judayam qo‘rqaman...
Yo‘q, sizni unutishga ko‘p urindim. Meni tinch qo‘yishni istamagan muhabbatdan necha ming marta tondim. Ammo u meni yolg‘iz qo‘yishni xohlamadi. Tark etmadi armonga asir yuragimni. Hamon meni iztirobga soladi, hamon ezadi qalbimni.
Ayting, bu dard meni devona qilib qo‘ymaganmi? Men ishqingizda telbaga o‘xshab qolmaganmanmi? Meni telbalikda ayblashdan avval bu dardning sababini surishtirib ko‘rsangiz, qalbingiz ozgina bo‘lsa ham yumsharmidi?.. Men ko‘ngil amriga bo‘ysunib yashayotganimni anglarmidingiz?..
Bilaman: meni sevib qolishingizga, jillaqursa, ozgina mehr bilan qarashingizga umid qilishim bekor. Axir siz dard neligini bilmaysiz-ku. Sizning shioringiz "Muhabbatsiz, dardsiz, maza qilib yashash”-ku!.. Men shioringizdan voz kechishni talab qilolmayman. Sizdan e’tibor ham so‘rolmayman. Faqat menga ta’na toshlarini otishni bas qilsangiz edi!.. Axir men sizga o‘z ixtiyorim bilan ko‘ngil bermaganman-ku!.. Ko‘ngil sizni tanlab suygan bo‘lsa, men nima qilay? Uni ayblaymi yo o‘zimnimi? Yo bizni hech kutilmaganda uchrashtirgan taqdirnimi?..
Meni dardlarim bilan xoli qo‘ysangiz, sizga tashakkur bildirardim. Mehringizdan umid qilishim bekorligini bilaman-u, ko‘ngil uzolmayman. Muhabbatga asir bo‘lish oson ekan-u, xalos bo‘lish og‘ir bo‘larkan...
Ko‘ngilning rangin dunyosi ichra men sizni axtaraman, ammo visol izlarini emas... Men uchun hijronning go‘zal hamda alamli chehrasini ko‘rmoqni xohlayman. Menga armon bilan yashash ham huzur bag‘ishlaydi. Sizning armoningiz bilan... Sizning hijroningiz bilan...
Maqola nomi : ARMON BILAN YASHAYMAN
Vaqti : 27.05.2014|20:20
Ko'rilgan : 1530
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 201/191
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :23 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика