UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Kichkintoy qizimning negadir ishtahasi yo‘qolib, juda kam ovqat yeydigan bo‘lib qoldi. Bir kuni xotinim qizimga yana ovqatini yedira olmayotganligidan xunob bo‘lib, menga arz qildi.

Oshxonaga chiqib, qizalog‘imni ovqat yeyishga ko‘ndirishga harakat qildim. U bo‘lsa ko‘zlarida yosh bilan:

–Agar ovqatimni oxirigacha yesam, mening bir iltimosimni bajarasizmi? – deb so‘radi.

Men esa o‘ylab ham o‘tirmay:

–Va’da beraman, qizim, – deya uning ko‘z yoshlarini artdim.

Buning nima qiyin tomoni bor, deya o‘yladim. Qizalog‘imning ko`ngli biror shirinlikmi yoki yangi o‘yinchoqmi, tusab qolgandir-da. Mening va’damni olgach, uning yuzlari yorishib ketdi, idishida turgan ovqatni ishtaha bilan oxirigacha edi. Keyin esa hech kutilmaganda:

–Men sochimni oldirib tashlashni xohlayman! – deb qolsa bo‘ladimi.

Bu gap xotinim va meni hayron qoldirdi. Chunki qizcham beliga tushib turadigan qo‘ng‘iroq sochlari bilan maqtanishni juda yaxshi ko‘rardi. Boshimdan birov xuddi bir chelak sovuq suv quyib yuborganday bo‘ldi. Bu fikr uning hayoliga qanday kelib qoldi ekan-a? Onasiga qarayman:

–Sochiga nima qilgan?

–Sochlari top-toza, – deydi xotinim ham hayron bo‘lib.

Shundan so‘ng men bolamdan bu iltimosni boshqasiga almashtirishni so‘radim. Unga o‘yinchoqlar, kitoblar, chiroyli ko‘ylakchalar, shirinliklar, xullas istagan narsasini olib berishga va’da berdim. Lekin foydasi bo‘lmadi. Xotinim jig‘ibiyron bo‘lib, agar shunday qilsa, uni jazolashini ta’kidlay boshladi.

Qizim bo‘lsa menga mo‘ltirab qarar:

–Dadajon, axir va’da berdingiz, berilgan va’dani bajarish kerak, deb o‘zingiz aytgansiz-ku. Nahotki, kattalar ham yolg‘on gapirishadi, – derdi ko‘z yoshlari yuzini yuvib.

Men chorasiz qoldim. Aslida o‘g‘illarimga qaraganda ko‘proq shu qizimni yaxshi ko‘rardim-da. Uning shiringina erkaliklari, ishdan kelganimda bo‘ynimga osilib, akalaridan arz qilishlari menga zavq bag‘ishlardi. Qizimning ko‘nglini sindirgim kelmadi.

Xotinimning qarshiligiga qaramay u bilan sartaroshxonaga yo‘l oldik. Bir zumda qo‘ng‘iroq sochlar er bilan bitta bo‘lib yotar, qizimning boshi tap-taqir alfozga tushgandi.

Uyga qaytganimizda ham, ertasiga ertalab maktabga ketayotganida ham uning kayfiyati a’lo edi. Lekin men bu kayfiyat maktabga yetib borgandan keyin bolalarning “kal- kal” degan mazaxlaridan so‘ng yo‘q bo‘lishidan va qizchamning keyingi ruhiy iztirobidan xavotirda edim.

Maktabga yetib borganimizda qizim mashinadan sakrab tushdi-da, sinfxonasiga chopib keta boshladi. Bir payt orqadan bir bolakayning qizimni chaqirgani eshitildi. Men ham darrov o‘sha tomonga qaradim.

Bolakay xursand holda chopib kelardi. Qizig‘i, bolakayning ham boshida bir tola tuk yo‘q, tap-taqir! Xayron bo‘lib turgan edim, yonimga o‘rta yoshli bir ayol kelib o‘zini tanishtira boshladi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu ayol o‘sha bolakayning onasi ekan.

–Bilasizmi, – dedi ayol chopib ketayotgan bolalarimizning orqasidan ko‘zida yosh bilan kuzatarkan, – mening bolam og‘ir kasalga chalingan edi, dori-darmonlar ta’sirida uning sochlari bitta ham qolmay to‘kilib ketdi. U har kuni maktabdan xafa bo‘lib qaytardi.

Qizingiz esa o‘g‘limga doim dalda berib uni ruhan qo‘llab turarkan, ular juda yaxshi do‘st ekanlar-da. O‘tgan kuni o‘g‘lim uyga birinchi marta xursand qaytdi. Chunki qizingiz o‘g‘limga, men ham senga o‘xshab sochimni oldirib kelaman, ikkalamiz bir xil bo‘lamiz, deb va’da beribdi.

To‘g‘risi, men o‘g‘limning gapiga unchalik e’tibor bermagan edim. Har qancha do‘st bo‘lishmasin, harqalay, qiz bolaning chiroyli sochlarini oldirib tashlashga jazm etishiga ishonmasdim-da…

Bugun qizingizni ko‘rgach, bolamning ko‘zlari birinchi marta quvonch bilan porladi. Uni yaqin orada bunchalik quvnoq kayfiyatda ko‘rmagan edim. Hammasi uchun qizingizga rahmat! Biz fidokorlikni bolalardan o‘rganishimiz kerakka o‘xshaydi…

Men ayolga hech nima deb javob qaytara olmadim. Chopib ketayotgan qizimning ortidan qarab qolarkanman, mening bolajonim, mening jajjigina farishtam birov uchun borlig‘idan ham kechishi mumkin ekanligini isbotlaganidan ham lol edim, ham faxrlanardim…
Maqola nomi : Kattalarni lol qoldirgan qizaloq
Vaqti : 17.05.2014|21:57
Ko'rilgan : 1450
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 253/234
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :33 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика