UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
Sevgan qizimga sovchilar kela boshladi. Kelishib birma-bir hammasini qaytara boshladik. Lekin uning ammasidan ham sovchilar keldi. Dadasi opasini yuzidan o‘ta olmay rozi bo‘lgandek bo‘ldi.

Meni esa boshim qotdi. To‘y qilishga umuman pulim qolmagan; yaqindagina o‘qish shartnoma pulini to‘lagan, endigina bitta ho‘kiz olgan paytim edi. Sal avvalroq olgan “Jiguli” rusumli mashinamda kira qilib pul topar edim.

Sevgan qizim haqida ikki yil avval oyimga aytgan edim. Oyim ham u qizni ko‘rib yoqtirib qolgan edilar. O‘qishingni bitirishing bilan uylab qo‘yamiz, degandilar.

Shu sababli nima qilishga boshim qotib, oxiri oyimga bor vaziyatni tushuntirdim; o‘sha qiz yo‘q desa ham ammasi holi joniga qo‘ymayotganini, oyisi biror kim bilan sevishgan bo‘lsang ayt, sovchilarini yuborsin, deyayotganini oyimga aytdim.

Oyim biroz o‘ylanib: “Qiz menga ham yoqadi. Lekin, o‘zing bilasan akangni yangi hovliga chiqaramiz desak hali bitmagan. Birovga sovchilikka borgandan so‘ng uch oyda to‘y qilinmasa gap so‘z ko‘payadi”, dedilar.

Men esa qaysarlik qilib hech bo‘lmasa bir marta borishlarini so‘radim. Ungacha ishlagan pullarimni yig‘amiz, do‘stlarim ham yaxshi bolalar, qarab turishmaydi, dedim…

O‘sha payt dadam dam olgani ketgan edilar. Oyim ham ertaga dadang kelsinlarchi, birgalashib gaplashib ko‘ramiz, dedilar.

Bir kunni bir asr kutdim shekilli… Dadam keldilar, oyim bor gapni tushuntirdilar. Dadam ham:

–To‘g‘ri-da, 23ga kirdi. Yuraveradimi shunaqa. Sen chiqib urf-odatini qilib kel. Buyog‘ini ota-bola boplaymiz. O‘g‘lim, qizini rozi qilgan bo‘lsang bo‘ldi. Otasini o‘zim rozi qilaman! – dedilar.

Yelkamdan tog‘ ag‘anadi. Oyim sovchilikka bordilar. Boshqa sovchilar kelganda xonasidan chiqmay qamalib o‘tiradigan qiz choy-nonlarni qilib, o‘zi ovqatlarni suzib kiribdi. Xullas, ular rozi bo‘lishdi.

Fotihamizni nishonlagani aylanishga chiqdik. Meni qitmirligim tutib, u bilan hazillashishni boshladim:

–Men xizmatdalik paytim o‘zimdan katta bir qiz bilan yurganman. U farzandli bo‘libdi, tekshirtirdim, mendan ekan.

U dovdirashni boshladi. Yana davom etdim:

–Meni kechir, men senga uylana olmayman, dedim.

U esa yig‘lab yubordi. Keyin:

–Sizlarning gunohingizga bola aybdor emas! Uni tirik yetim qilmang, u ayolga uylaning, men o‘z yo‘limni topib olaman, deb shart burildi-da ketib yubordi.

Ham kulgim kelib, ham qilgan ishimdan vijdonim qiynalib uning ortidan yugurib bordim-da bu gaplarimning bari hazil ekanligini aytdim. U hafa bo‘ldi, 2-3 kun gaplashmadik.

Kattalar – ikki yosh bir yil yurmasin, deb to‘yni tezlatishdi; Uyni ta’mirlash, to‘yga, to‘yxonaga, mashinaga, hali unga, hali bunga pul yig‘ish, pul sarflash boshlandi.

Tibbiy tekshiruvdan o‘tish paytimizda u negadir hafa bo‘lib chiqdi. Uni ko‘rib:

–Nega hafasan? –desam.

–Biror joyga borib o‘tiraylik, aytib beraman, dedi.

Nafasim ichimga tushib ketdi. Borib o‘tirdik:

–Nima bo‘ldi? – dedim.

–To‘yni qoldiramiz. Menda shamollash bor ekan, davolanmasam farzand ko‘ra olmas ekanman, dedi.

–Ho‘p nima qilibdi? To‘y bo‘ladi, to‘ydan keyin ham davolanaverasan – dedim.

U ham ho‘p degandek bosh qimirlatib, muzqaymoq olib bersangiz yana bitta gapim bor dedi…

Qo‘rqib ketdim. Tomog‘imdan muzqaymoq ham o‘tmadi. U gap boshladi:

–Faqat jahlingiz chiqmasin, haligi gaplarim hammasi hazil edi, o‘sha kungi yig‘latganingiz uchun hisob 1:1, dedi…

Kulib yubordim-da yana bitta muzaqaymoq olib berdim…

Xullas to‘yimiz orzu qilganimizdan ham zo‘r o‘tdi. Mehmonlar to‘lib-toshgan, oshna-og‘aynilar o‘ynab, kulib to‘yni qizdirishgan… Hamma bizni to‘yimizga havas qildi.

To‘ydan keyin yana “Jiguli” sotib oldim. O‘qishimni ham bitirib yaqinda bakalavr darajasini egalladim. To‘rt oy oldin shiringina qizchamiz ham tug‘ildi. Sevgimiz va baxtimiz yana ham mustahkamlandi.
Maqola nomi : Sirli maktub: Baxtli muhabbat qissasi
Vaqti : 17.05.2014|21:53
Ko'rilgan : 2099
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 275/247
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :11 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика