UzBender.Ru | Super Portal

Izlash
–Dada, oyim nimaga uyg‘onmayaptilar?

Jajji bolakayning savoli shundoq ham siqilib turgan dadasining yuragini ezdi. O‘g‘lini tizzasiga o‘tqazdi-da, peshonasidan o‘pdi.

–”O‘g‘lim oying, rosa charchagan. Endi bir-necha kun uxlab, yaxshilab dam olishi kerak”

Bolakay indamadi. Besh yoshli bolakay onasining og‘ir kasalligini ancha oldin fahmlagandi. Shifoxonaga dadasi ko‘rishga olib borganida, oyisi uni quchib rosa yig‘lagandi. Dadasi oying tuzalib ketadi, keyin shifoxonadan javob berishadi degandi. Oyisi uyga qaytganida, bola “oyim tuzalibdilar”, deya rosa sevingandi.
O‘y-hayollari o‘zidek sof murg‘ak bola oyisiga boshqa sababdan javob berib yuborishganlarini bilmasdi. Har kungidek o‘rniga yotarkan bolakay osmonga qarab qo‘lini cho‘zdi:

–Oyimni tuzalishiga yordam ber, Xudojon

Bir necha kun o‘tgach tunda uyg‘onib ketdi. Pildirab koridorga chiqdi. Dadasi balkonda sigaret chekib, kim bilandir telefonda gaplashardi. Bolakay dadasining hamma gaplariga ham tushunmadi-yu, shu gaplar orasidan operatsiya, katta pul degan jumlalarni ilg‘ay oldi.

Bir filmda ko‘rgandi. Operatsiyada doktorlar kasalni ukol qiladi, keyin u tuzalib ketadi.

–Oyimni ham ukol qilishsa sog‘ayib ketadilar, debo o‘yladi bolakay.

O‘rniga qaytib yotarkan, osmonga qarab yana qo‘lini cho‘zdi:

–Oyimni tuzalishiga katta pul ber, Xudojon

Onasining ahvoli kundan-kun yomonlashib borardi. U esa buni bilmasdi. U faqat dadasining o‘sha kungi gaplarini o‘ylardi: operatsiya…katta pul…

Oxirgi kunlar bolani oyisining yoniga kiritmay qo‘yishdi. U uyiga kelib-ketayotgan ko‘plab qarindoshlarni jimgina kuzatib o‘tirardi. Dadasi esa bolakayga pul tutardi:

–Ushla o‘g‘lim, borib muzqaymoq olib ye…

Bolakay onasining yaqinlari bilan vidolashyotganini tushunmasdi. Nihoyat uni chaqirishdi. Oyisining yoniga olib kirishdi. Ko‘zlari shishib ketgan, oppoq choyshab yopingan ko‘yi cho‘zilib yotgan oyisining yoniga keldi.

–Kel shirinim, oyisining hasta ovozi eshitildi, aqlli bola bo‘lyapsanmi bog‘chada?

–Ha, oyijon.

–Yaxshi o‘zimni toychog‘im…

–Oyi, endi tuzalib ketasizmi?

–Hm…, oyisi yig‘lab yubordi.

–Menga yana ertak aytib berasizmi?

–Hm…

–Sizni yaxshi ko‘raman…

Eh, bolakay… Oyisi bilan shunday so‘nggi marta gaplashib turganligini qayerdan ham bilardi u. Bog‘chadan kelganida uyidagi odamlarning ko‘pligidan hayron qoldi. Hamma bolakayni ko‘rib ko‘ziga yosh olardi.

–Ada oyim uyg‘ondilarmi?, dadasining yoniga kelib so‘radi u.

Dadasi cho‘kkalab o‘tirib o‘g‘lining ko‘zlariga boqdi:

–Oying endi uyg‘onmaydi bolam, keyin o‘g‘lini quchdi, oying bizni tashlab ketdi.

O‘g‘il yaxshi tushunmadi, cho‘ntagini shoshib kavladi-yu bir siqim buklanib ketgan pullarni chiqardi:

–Dada, doktorlarga ayting, oyimni ukol qilishsin, oyim tuzalib ketsa bo‘ldi, men bitta ham muzqaymoq yemayman, faqat ayting dada, oyimni tuzatib berishsin….

O‘g‘ilning peshonasidan o‘parkan dadasining ko‘z yoshlari uning yuziga tomchiladi…

Onasini ko‘mishdi.

Tun cho‘kkach o‘rniga yotarkan, bolakay osmonga qo‘lini cho‘zdi:

–Iltimos, oyimni menga qaytarib ber, Xudojon…
Maqola nomi : Oyimni tuzalishiga yordam ber, Xudojon
Vaqti : 17.05.2014|21:51
Ko'rilgan : 1405
Muallif : Bender
» Java kitob
» Text
Reyting(+/-): 242/218
Reyting
Bosh sahifa » Hikoyalar
Maqola o'qiypti :29 kishi
© Powered by Bender | Pro
Яндекс.Метрика